Pokiston tajribasi: Hamid Leather bilan hamkorlik istiqbollari

29.05.2025

Pokiston tajribasi: Hamid Leather bilan hamkorlik istiqbollari

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi vakillari Pokistonning etakchi charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalaridan biri — Hamid Leather kompaniyasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida kompaniya faoliyati, xalqaro hamkorlik tajribasi va eksport salohiyati bilan yaqindan tanishildi.

1994-yilda tashkil etilgan Hamid Leather kompaniyasi qo‘y va mol terisini qayta ishlashga ixtisoslashgan bo‘lib, yiliga 200 000 dona charm kurtka va 80 000 dona charm sumka ishlab chiqaradi. Korxonaning yillik ishlab chiqarish hajmi 4 million AQSh dollarini tashkil etadi va mahsulotlarining 100 foizi eksport qilinadi.

Hamid Leather mahsulotlari 16 dan ortiq davlatlarga, jumladan, Germaniya, Italiya, Janubiy Koreya, AQSh kabi mamlakatlarga yetkazib beriladi. Kompaniya dunyoga mashhur Michael Kors, Calvin Klein, TK Maxx brendlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Kompaniya xalqaro standartlarga mos LWG Gold Rated, BSCI va SLF sertifikatlariga ega bo‘lib, ekologik mas’uliyat va zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish jarayonlarini yo‘lga qo‘ygan. Korxonada 800 nafardan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda.

Tashrif davomida charm sanoatida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or ishlab chiqarish tajribalarini o‘zaro almashish masalalari muhokama qilindi.

 Uchishuv yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu memorandum kelgusida charm sanoati sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy va amaliy asos yaratadi.

 

Uzcharmsanoat