“O‘zcharmsanoat” uyushmasining Andijon viloyat hududiy boshqarmasi vakillari bilan mahalliy tadbirkorlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda Oltinko‘l tumanida barpo etilayotgan charm-poyabzal yo‘nalishiga ixtisoslashgan kichik-sanoat zonasi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Charm-poyabzal sanoati bo‘yicha maxsus tashkil etilayotgan kichik-sanoat zonasi tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Bu yerda ishlab chiqarish angarlari, savdo majmualari, ma’muriy binolar hamda mahsulot saqlash uchun zamonaviy omborxonalar qurilmoqda.
Tadbirkorlar ushbu hududda charm mahsulotlari va poyabzal ishlab chiqarish, qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, kichik-sanoat zonasida korxonalarga qulay shart-sharoitlar yaratilib, elektr energiyasi, suv va logistika xizmatlari bilan ta’minlanadi.
Uchrashuvda tadbirkorlarga sanoat zonasidagi imtiyozlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, ushbu hududda faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga:
Soliq va bojxona to‘lovlarida imtiyozlar;
Tijorat banklari orqali kredit va subsidiyalar;
Eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat yordami taklif etiladi.
Ishbilarmonlar bu imkoniyatlar haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va kelgusida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan takliflar bildirishdi.
Uzcharmsanoat