“Red Dragonfly” brendi O‘zbekistonda yangi investitsiya loyihalarini boshlashga tayyor!

25.02.2025

“Red Dragonfly” brendi O‘zbekistonda yangi investitsiya loyihalarini boshlashga tayyor!

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari M. Zaxidov Xitoyning nufuzli "Red Dragonfly" poyabzal brendi rahbariyati bilan uchrashdi. Muloqotda 2024 yilda Uyushma raisi A. Sultanovning brend rahbariyati bilan investitsiya hamkorligi bo‘yicha erishgan dastlabki kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralarning birinchi raundi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Xitoydan poyabzal ishlab chiqarish uchun zaruriy qismlar import qilish, bojxona to‘lovlari va qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, Xitoy brendining mahsulotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish va Rossiya bozoriga eksport qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Qayd etish kerak, (https://t.me/uzcharmsanoat/3593)  2024 yilda Xitoyning Chendu shahrida bo'lib o'tgan O'zbekiston-Xitoy biznes forumida "Zhejiang Red Dragonfly Shoes" kompaniyasi rahbariyati bilan qiymati 10 mln dollarlik yangi investitsion loyihani amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilgan edi.

Mazkur loyiha O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlarini yaratish, poyabzal sanoatini rivojlantirish va xalqaro bozorda raqobatbardosh mahsulotlar yetkazib berishga xizmat qilishi kutilmoqda. Xitoy brendi Samarqand, Jizzax va boshqa viloyatlardagi sanoat zonalari va ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyurib, brend mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha korxonalar bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Bu hamkorlik O‘zbekistonning poyabzal sanoatini global darajaga olib chiqishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda!

Uzcharmsanoat