Pokistonda O‘zbekiston charm sanoati korxonalari uchun yangi hamkorlik imkoniyatlari ochildi

13.02.2025

Pokistonda O‘zbekiston charm sanoati korxonalari uchun yangi hamkorlik imkoniyatlari ochildi

Savdo-sanoat palatasi vakillari hamda "O‘zcharmsanoat" uyushmasi va unga a’zo korxonalar Pokistonga amalga oshirgan biznes missiyasi doirasida ushbu mamlakatning charm sanoati bilan tanishdi. Tashrif davomida mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz terini qayta ishlash va ishlab chiqarish zanjirining uzviyligini ta’minlashga oid yangi tajribalar bilan tanishib, xalqaro sertifikatlarni olish jarayonlari borasida bilimlarini oshirdi.

 "Prime Tanning Industries", "Siddiq Shafi Group" kabi mashhur Pokiston kompaniyalarining faoliyati bilan tanishuv chog‘ida  xalqaro bozor talablari asosida charm ishlab chiqarish jarayonlari va terini qayta ishlashning zamonaviy usullari bilan yaqindan tanishishdi. Sinov sertifikatlarini olish uchun qo‘yiladigan laboratoriya nazorati jarayonlarini O‘zbekistonda joriy qilish bo‘yicha fikr almashildi.

"Badre Alam Traders" kompaniyasi  bilan tanishuv chog‘ida O‘zbekiston korxonalari bilan hamkorlik qilish va terini qayta ishlash sohasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki muzokaralar boshlandi. Shuningdek, yordamchi materiallar va yarim tayyor charm mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha B2B muloqotlar tashkil etildi. Pokiston kompaniyasi O‘zbekiston charm mahsulotlari uchun Lahorda savdo uyini ochishga qiziqish bildirdi.

Tashrif O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo hamkorligini mustahkamlash va charm sanoatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.

Uzcharmsanoat