Seminar Savdo-sanoat palatasi va “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi — mahalliy tadbirkorlarga elektron savdo imkoniyatlarini ochib berish va Wildberries marketpleysi orqali bozorga chiqish jarayonlarini o‘rgatishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida mutaxassislar tadbirkorlarga amaliy maslahatlar berib, quyidagi masalalarni batafsil yoritdilar:
Wildberries platformasida ro‘yxatdan o‘tish;
Mahsulot tanlash va mahsulot kartochkasini yaratish;
Yangi sotuvchilar yo‘l qo‘yadigan xatolar va ulardan saqlanish yo‘llari;
Reklama vositalaridan samarali foydalanish;
“O‘sish platformasi” loyihasida ishtirok etish imkoniyatlari.
Seminarda elektron tijorat yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis hamda PRO WB markazi vakili Kamol Pazliyev ishtirok etib, tadbirkorlarning savollariga batafsil javob berdi.
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi vakillari ham mazkur tadbirda faol ishtirok etib, charm-poyabzal va aksessuarlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar uchun onlayn savdo platformalaridagi yangi imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tishdi. Ular eksport salohiyatini oshirish, brend yaratish, logistika va mahsulot sifatini ta’minlash borasida foydali tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbir davomida charm sanoatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘z tajribalari bilan bo‘lishib, raqamli savdo orqali bozorda mustahkam o‘rin egallash yo‘llari haqida fikr almashdilar.
Uzcharmsanoat