O`zbekiston delegatsiyasi “Shoes & Leather – Guangzhou 2024”da

29.05.2024

O`zbekiston delegatsiyasi “Shoes & Leather – Guangzhou 2024”da

XXRning Guanchjou shahrida “Shoes & Leather – Guangzhou 2024” 33- xalqaro ko`rgazmasi o`z ishini boshladi. Unda “O`zcharmsanoat” uyushmasi raisi o`rinbosari Mirsaid Zoxidov boshchiligidagi delegatsiya ham ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida xorijiy kompaniyalar va uyushmalar bilan muzokaralarga kirishgan.
Ma`lumot uchun, “Shoes & Leather – Guangzhou” poyabzal va charm uskunalar, avtomatlashtirish, tikuv mashinalari, charm, texnologiya, aksessuarlar va sanoat kimyoviy mahsulotlarini namoyish etishga ixtisoslashgan xalqaro ko`rgazmadir. Beshta ko'rgazma zallarida charm sanoat tarmog`ining eng so`ngi yangiliklari namoyish etilmoqda. Shuningdek, xalqaro forum va taqdimotlarda iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish bo`yicha takliflar o`rtaga tashlanadi.
“O`zcharmsanoat” uyushmasi raisi o`rinbosari Mirsaid Zoxidov ko`rgazmaning dastlabki kunida qator uchrashuvlar o`tkazdi. Jumladan, Xalqaro poyabzalchilar assotsiatsiyasi konfederatsiyasi (CIFA) bilan muloqotlarda ikki tashkilot o`rtasida hamkorlikni yo`lga qo`yish, O`zbekistondagi poyabzal ishlab chiqarish korxonalariga xalqaro standartlar va texnologiyalarni joriy qilish bo`yicha fikr almashildi. Xalqaro tashkilot vakillari xorijiy brendlarni mamlakatimizga jalb qilishda konfederatsiyaning uzoq yillik tajribasidan foydalanish mumkinligini qayd etdi.
Komboja charm sanaoti uyushmasi bilan esa ikki mamlakat tadbirkorlari o`rtasida biznes missiyalarni almashish, investitsiya va eksport yo`nalishlarida hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish istiqbollari ko`rib chiqildi.
Shuningdek, uyushma delegatlari Xitoy, Hindiston, Turkiya, Italiya kabi charm snaoat sohasi rivojlangan davlatlar kompaniyalari bilan ham muzokaralar o`tkazdi. Hindistonning “Alpine”, “Discovery” kompaniyalari O`zbekistondan tayyor va yarim tayyor charm, poyabzal mahsulotlarini xarid qilishga qiziqish bildirdi. Mahalliy korxonalarimiz bilan hamkorlikda qo`shma loyihalarni amalga oshirishning istiqbollari muhokama etildi. Hind kompaniyalari kuzda Toshkentda bo`lib o`tadigan “UzCharmExpo-2024” xalqaro ko`rgazmasida ishtirok etib, mahalliy korxonalarimiz bilam muzokaralarga kirishadigan bo`ldi.

Uzcharmsanoat