Mamlakatimiz charmsanoati korxonalaridan iborat delegatsiyaning Turkiya Respublikasiga amalga oshirgan tashrifining navbatdagi kuni ham samarali muloqot va muzokaralarga boy bo‘ldi. Biznes uchrashuv manzili Konya shahri.
Qayd etish kerak, Konya Turkiya charmsanoatida asosiy hududlardan biri sanaladi. Charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Turkiyada ikkinchi o‘rinda turadi. Mazkur viloyatda tarmoqda 500 dan ortiq korxonalar faoliyat yuritadi. Yiliga bu yerda 50 mln juft poybzal ishlab chiqariladi. 100 dan ortiq davlatga mahsulotlar eksport qilinadi.
Tashrifning navbatdagi kunida Konya savdo-sanoat palatasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi va ikki davlatning charmsanoat sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalari ishtirokida ishbilarmonlik forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ayni sohada hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, eksport-import masalalari muhokama etildi. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi vakillari tomonidan Turkiya korxonalariga mamlakatimizda charmsanoat sohasida davlat va hukumat tomonidan berilgan imkoniyatlar, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport salohiyati taqdim etildi. Shuningdek, Uyushma tomonidan tayyorlangan yangi invest loyihalar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Forum yakunida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Turkiya savdo-sanoat palatasida o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shundan so‘ng ikki davlat korxonalari ishtirokida B2B uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy tadbirkorlarimiz o‘zlarining sohalari bo‘yicha turk kompaniyalari bilan hamkorlikning kelgusi istiqbollarini muhokama etib olishdi. Xususan, Turkiyaning “Emrah Baran” kompaniyasi O‘zbekistonda yangi invest loyihani amalga oshirish tashabbusini bildirdi. Bu borada salohiyatli tadbirkorlarimiz bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi. Kompaniyaning mart oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishi hamda hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishishi kutilmoqda.
Shuningdek, Hasan Uzman, Wanetti, Voyager va Dikbaş Ayakkabiçilik kabi kompaniyalari bilan mahalliy korhonalarimiz turli hamkorlik yo'nalishlarida muzokaralar o'tkazishdi. Shu jumladan, mazkur kompaniyalarning ayrim rahbarlari O'zbekistonga tashrif buyurishga va hamkorlik salohiyatini o'rganishga qiziqish bildirishdi.
Mahalliy tadbirkorlarimizdan iborat delegatsiya Konya poyabzalchilar shaharchasida bo‘lib, sanoat zonasidagi qator korxonalarning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Xususan, poyabzal tag qisimlarini ishlab chiqarish markazida bo‘lib, tag qismilarni tayyorlash va ularni modellashtirish jarayonlarini kuzatdi.
Bu yerda dastavval Konya charm va poyabzal sanoati ta'lim tizimi bilan tanishildi. Bu borada o'rganish va muzokaralar olib borildi. O'zbekiston charm-poyabzal sanoati korxonalariga yetuk dizayner, modeler, konstruktor, texnolog va shu kabi malakali mutahassislar yetishtirishda ushbu markaz imkoniyatlaridan foydalanish nazarda tutilmoqda. Ya'ni avval O'zbekistondan tajribaga ega ustalarni olib kelib, barcha texnologiyalarga ega sanoat zonasida ularni malakasini oshirib, ular orqali ko'plab kam tajribaga ega ustalarni o'qitish tizimini yo'lga qo'yiladi.
Sanoat zonasidagi uchrashuvlar ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini ham kengaytirishga zamin yaratdi. Hususan Andijon tumanidagi “KFK” korxonasi Turkiyaning “Nevzat Taban” korxonasi bilan hamkorlikda yangi invest loyihani amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi. Ushbu loyiha poyabzal mahsulotlari uchun tagliklarni ishlab chiqarishni nazarda tutadi. Mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlarga yaratib berilayotgan sharoitlar, xom ashyo bazasi, yirik bozorning mavjudligi turk tadbirkorida katta kiziqish uyg‘otdi. Joriy yilning fevral oyida Turk kompaniyasi O‘zbekistonga kelib Andijondagi korxonamiz bilan hamkorlikni boshlash bo‘yicha memorandum imzolashga qaror qildi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Konyada joylashgan poyabzal brendlarining shou-roomlarida, ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lib o‘zaro tajriba almashishdi. Sohadagi yangi tendensiya va texnologiyalar bilan tanishdi. Muloqotlarda o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksport-import masalalari muhokama etildi.
Uzcharmsanoat