“O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi A. Sultanov Xitoyning eng yirik texnologik kompaniyalaridan biri bo‘lgan “Fujian Zero Point and One Eight Creation Technology Co., Ltd” delegatsiyasi bilan uchrashdi. Muloqotda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator muhim loyihalar muhokama qilindi. Xususan, Xitoyning yuqori texnologiyali mahsulotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish va ularni xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Jahon iqtisodiyotida o‘z o‘rnini topgan “Fujian Zero Point and One Eight Creation Technology Co., Ltd” o‘zining ilg‘or texnologik yechimlarini O‘zbekistonga olib kelishni maqsad qilgan. Kompaniya, xalqaro poyabzal brendlarining mahsulotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu mahsulotlar nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDH va Yevropa bozorlariga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Muloqotda ta’kidlanganidek, zamonaviy texnologiyalar va xalqaro brendlarni jalb qilish O‘zbekistonda ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga yordam beradi, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratish va eksport salohiyatini kuchaytirishga imkon yaratadi.
Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi yangi iqtisodiy va sanoat sohasidagi hamkorlik munosabatlari, ikki mamlakatning o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Xalqaro brendlarning O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi, ish o‘rinlari yaratilishi va eksport salohiyatining oshishi - ushbu hamkorlikning asosiy maqsadlaridandir.
Uzcharmsanoat