OʼZBEKISTON CHARMSANOATIDА INNOVATSION HUDUDLAR TASHKIL ETILADI

20.09.2023

OʼZBEKISTON CHARMSANOATIDА INNOVATSION HUDUDLAR TASHKIL ETILADI

“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev boshchiligidagi charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalardan iborat delegatsiya Italiyaning Milan shahrida joylashgan “Kilometro Rosso” innovatsion hududiga tashrif buyurdi. Tashrifdan koʼzlangan maqsad – Italiya tajribasidan foydalangan xolda Oʼzbekiston charmsanoatida ham xuddu shu kabi innovatsion manzillarni barpo etish hamda u yerda biznes va tadqiqotchilar oʼrtasidagi hamkorlikni yoʼlga qoʼyishdir.

Maʼlumot uchun “Kilometro Rosso” — Yevropa Ittifoqidagi eng yirik innovatsion texnoparklaridan biri sanaladi. Ushbu hududga 2009 yilda asos solingan. Bu yerda aynan biznes va tadqiqotlar uchrashadi. Yangi texnologiyalarni korxonalarga yetkazib berishda agent vazifasini bajaradi. Bugungi kunda ushbu hududda 80 ga yaqin kompaniyalar, laboratoriyalar, tadqiqot markazlari faoliyat koʼrsatadi. 2500 mingdan ortiq tadqiqotchilar va xodimlar yangi texnologiyalar ustida ish olib borishadi. Shu kunga qadar “Kilometro Rosso” hududida 31 ta laboratoriyada umumiy qiymati 172 million yevro boʼlgan 49 ta loyiha moliyalashtirildi.

Tashrif chogʼida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasiga yangi innovatsiyalarni amalga oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida olib borilayotgan tadqiqotlar, charm-poyabzal sohasida kelgusi avlod texnologiyalarini yaratishdagi ilmiy izlanishlar toʼgʼrisida maʼlumotlar berildi.

 Аyni yoʼnalishda “Kilometro Rosso” boshqa tarmoqlar bilan koʼp tomonlama hamkorlikni yoʼlga qoʼygan. Xususan, texnologik klasterlar yaratilgan. Bu yerda energiya tejamkor texnologiyalar, innovatsiyalar, АKT, injiniring yoʼnalishlarida mutaxassisliklar boʼyicha charmsanoat tarmogʼi uchun kadrlar tayyorlash yoʼlga qoʼyilgan.

Muloqotlarda “Kilometro Rosso” bilan “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi oʼrtasida hamkorlikni yoʼlga qoʼyish, mamlakatimizda huddi shu kabi innovatsiya markazlarini barpo etishda tajriba almashish va texnik koʼmak koʼrsatish boʼyicha tashabbuslar bildirildi.

Nega aynan “Kilometro Rosso”?

“Oʼzcharmsanoat” uyushmasining ushbu markaz bilan hamkorligining afzalliklaridan biri – bu mazkur hudud allaqachon Yevropada innovatsion biznes-inkubator maqomiga erishgan. Markazning bu boradagi tajribasi mamlakatimiz charmsanoatini yanada rivojlantirishda qoʼl keladi. Shuningdek, “Kilometro Rosso” “Xalqaro ilmiy parkalar va innovatsiyalar uyushmasi” (IASP), “InnovUp – Italian Innovation”, “Ekotizim startaplari”, “MADE”, kabi xalqaro tashkilotlar va uyushmalar bilan hamkorlikni yoʼlga qoʼygan. Bu oʼz navbatida Oʼzbekiston korxonalarini xalqaro standartlar va andozalar asosida rivojlanishiga xizmat qiladi.

Tashrif yakunida tez fursatda mazkur markaz va Uyushma oʼrtasida hamkokrlikni boshlash boʼyicha muzokaralarning dastlabki raundini oʼtkazish boʼyicha qaror qabul qilindi.

 

Uzcharmsanoat