IFC O‘zbekistonning charm-poyabzal sanoatini yangi moliyalashtirish uchun ishchi guruhini yuboradi

11.09.2023

IFC O‘zbekistonning charm-poyabzal sanoatini yangi moliyalashtirish uchun ishchi guruhini yuboradi

Xalqaro moliya korporatsiyasi – IFC ofisida O‘zbekiston Respublikasi ishchi guruhining AQShga tashrifi doirasida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboev O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida mazkur institut rahbariyati bilan uchrashib, O‘zbekistonning charm-poyabzal va to‘qimachilik sanoatiga xalqaro moliyaviy yordamni jalb qilish masalasini muhokama qildi.

Ma’lumot uchun: Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) – Jahon banki tarkibiga kiruvchi xalqaro moliya instituti hisoblanadi. IFC rivojlanayotgan mamlakatlarda xususiy sektor o'sishini rag'batlantirish uchun kreditlar, kapital investitsiyalar, tuzilgan moliya va risklarni boshqarish mahsulotlari va maslahat xizmatlarini taqdim etadi.

Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni charm-poyabzal sanoati, uning sarmoyaviy va ishlab chiqarish salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotni o`tkazdi.

Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari O‘zbekistonda jahonga mashhur "NIKE" brendi ostida sport poyabzali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani haqida jahon yangiliklaridan xabar topganligini ma’lum qildi. Amerikalik ekspertlarning fikriga ko'ra, bu kelajakda global brendlarni jalb qilish bilan bog'liq faoliyatda moliyaviy yordam olish uchun ko'mak bo'ladi.

Muzokaralar natijasida IFC O‘zbekiston Respublikasining charm-poyabzal va to‘qimachilik sanoati korxonalari faoliyati bilan batafsil tanishish uchun yaqin vaqt ichida mamlakatimizga tashrif buyurishni ma`lum qildi.

 

Uzcharmsanoat