OʼZBEKISTON “NIKE” KROSSOVKАLАRINI ISHLАB CHIQАRISHNI BOSHLАDI

07.08.2023

OʼZBEKISTON “NIKE” KROSSOVKАLАRINI ISHLАB CHIQАRISHNI BOSHLАDI

“Nike” transmilliy kompaniyasi oʼz brendi ostidagi sport poyabzallarini Oʼzbekistonda ishlab chiqarishga 2019 yilda rasman ruhsat bergan edi. Аmerika brendini Oʼzbekistonga jalb qilish boʼyicha “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi tomonidan ishlab chiqilgan alohida strategiya asosida dunyoga mashhur “Nike” brendi oilasining ishlab chiqaruvchilari qatoridan mamlakatimiz nomi ham joy oldi.

Xitoylik investorlar tomonidan 3 mln. dollar evaziga Аndijon viloyatida ish boshlagan “Sino International” xorijiy kompaniyasi oʼtgan 5 yil mobaynida “Nike” kompaniyasi tomonidan belgilab berilgan xalqaro standartlar xususan, ishlab chiqarish linyalarini barpo etish, ishchi-mehnatchilarga muqobil sharoitlarni yaratish, brend tomonidan yoʼlga qoʼyilgan sifat nazoratlarini toʼliq bajarishi natijasida brend krossovkalarining dastlabki partiyasi ishlab chiqarilishi boshlandi.Bugungi kunda “Sino International” xorijiy kompaniyasida 50 nafar ishchi xodim mehnat qiladi. Sport poyabzallarining tag qismlarini quyish va ustki qisimlarini tayyorlash linyalari oʼz faoliyatini boshlagan. Oʼzbekistonlik mutaxassislarning malaka va koʼnikmalari esa “Nike” kompaniyasining Xitoydagi fililalidan kelgan texnologlar, dizayner va bichuvchilar tomonidan oshirilmoqda. Korxonada kuniga 6000 juft krossovka ishlab chiqarish imkoniyati bor. Yil oxiriga kelib bu quvvat 2 xissa ortishi rejalashtirilgan.

Nega aynan Oʼzbekiston?

“Nike” brendining original korossovkalarini ishlab chiqarish uchun kompaniyaning Xitoy filiali nega aynan Oʼzbekistonni tanladi? Ushbu savolga “Sino International” xorijiy kompaniyasi rahbari Rongxuan Fan quyidagicha javob berdi.

“Bundan besh yil oldin biz Oʼzbekistondagi ishbilarmonlik muhitini oʼrganish va oʼz loyihalarimizni amalga oshirish uchun kelgan edik. Oʼsha vaqtda mamlakatda investorlarga yaratilgan sharoit va berilayotgan imtiyozlarni koʼrib, bir nechta loyihani amalga oshirshni maqsad qildik. Ulardan biri charm-poyabzal sanoatidagi loyihamiz edi. Bozorni oʼrganib chiqib, xalqaro berndlarni Oʼzbekistonga jalb qilishga qaror qildik. Bu xaqida “Nike” kompaniyasining Xitoydagi filialiga murojaat qildik. Ular oʼz talablarini aytishdi. Shundan soʼng, “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi bilan bu talablarni amalga oshirishga kirishdik. 2019 yilda loyihani boshladik. Koronavirus pandemiyasi sabab, uskunalarni yetkazib berishda uzilish boʼldi. Shuningdek, “Nike” transmilliy kompaniyasi texnologlarini kelishi ham kechikdi. Pandemiyadan soʼng bu ishlarni jadallashtirishni boshladik. Koʼrib turganingizdek, “Nike” brendining original korossovkalarini endi Oʼzbekiston ham ishlab chiqarib xalqaro bozorga yuboradi. Xozirda kuniga 6000 juft ishlab chiqarayotgan boʼlsak, kelgusida yiliga 3 mln. juft krossovka shu linyalarda tayyorlanadi. Bu boʼyicha korxonamiz brend talablarini yanada mukammal bajarish boʼyicha ishlar muvofiqlashtirilmoqda”.Nike” kompaniyasi strategiyasiga asosan, Oʼzbekistonda ishlab chiqarilayotgan krossovkalar Markaziy Osiyo, Pokiston va keyinchalik Yevropa bozorlariga yoʼnaltiriladi. 

“Nike” transmilliy kompaniyasi sport poyabzallarini ishlab chiqarish boʼyicha har bir davlatga tegishli shtrix kod beradi. Oʼzbekiston ham ushbu shtrix kodga ega boʼldi. Bu degani Аndijondagi korxona bemalol “Nike” brendi tomonidan yaratilgan barcha modeldagi krossovkalarni ishlab chiqarish xuquqiga egadir.

Uyushma raisi Faxriddin Boboev “Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalardan biri boʼlgan jahon brendlarini sohaga jalb etish boʼlib, bugungi kunda ushbu korxonada ishlab chiqilgan ilk “Nike” mahsulotlari biz uchun katta gʼurur boʼlishi bilan birga, boshqa jahon brendlari bilan ham hamkorliklarni oʼrnatishga katta imkoniyatlar eshigini ochib beradi” deydi.

“Sino International” xorijiy kompaniyasining mahuslotlari allaqachon Oʼzbekiston, Qozogʼiston, Turkmaniston va Tojikiston bozoridan joy egalladi. Kelgusi yildan mahsulotlar Pokistonga ham yuboriladi.

“Sino International” xorijiy kompaniyasi bu bilan toʼxtab qolmasdan “Adidas” tomonidan qabul qilingan standartlarni yakuniga yetkazib, “Adidas” brendi ostidagi mahsulotlarni Oʼzbekistonda ishlab chiqarishni maqsad qilgan.

Uzcharmsanoat