“Oʼzcharmsanoat” uyushmasida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi. Muloqotdan koʼzlangan maqsad mazkur tashkilot tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Oʼzbekiston kasb-hunar taʼlimi tizimida islohot va modernizatsiya jarayonlarini qoʼllab-quvvatlash” loyihasi doirasida charm-poyabzal tarmogʼi uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash boʼyicha amaliy va moliyaviy koʼmak koʼrsatishdir.
Muloqot avvalida loyiha rahbari va milliy kordinatorga mamlakatimiz charmsanoatida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar va bugungi kunda sohaga malakali mutaxassislarni yetkazib berish boʼyicha yoʼlga qoʼyilgan xalqaro hamkorlik toʼgʼrisida batafsil maʼlumot taqdim etildi. Shuningdek, tarmoqda kadrlarga boʼlgan ehtiyoj koʼrsatkichlari yuzasidan taqdimot oʼtkazildi.
Qayd etish kerak, hozirgi kunda tarmoq uchun 5000 mingdan ortiq mutaxassisga talab bor. Xususan, korxonalarda 4300 ta tikuvchi, 27 ta bichuvchi, 241 ta marketolog, 272 ta dizayner, 331 ta texnologka ehtiyoj sezilayotgani aniqlangan. Shu maqsadda Uyushma tomonidan hududlarda oʼquv amaliyot markazlari, qisqa muddatli kurslar tashkil etilgan. Korxonalar qoshida “Dual” taʼlim tizimi asosida kadrlarni qayta tayyorlash borasida ishlar olib borilmoqda.
Oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash maqsadida mamlakatimizdagi 3 ta institutning maxsus kafedrlarida 250 nafar talaba taxsil olmoqda. Yana 150 nafar talaba xorijiy universitetlar bilan yoʼga qoʼyilgan qoʼshma taʼlim dasturlari asosida Turkiya, Аngliya, Moskva, Belorus, Sankt-Peterburgda bilim olmoqda.
Muloqot chogʼida GIZ vakillari maktablar va kasb-hunar kollejlarida kasbga oʼqitish va kadrlar tayyorlash borasida Uyushma bilan yangi loyiha doirasida yaqin hamkorlik qilish boʼyicha oʼz takliflarini bildirdi. Mazkur dastur 2021-2025 yillarga moʼljallangan boʼlib, uning maqsadi kadrlar tayyorlash orqali barqaror ish oʼrinlarini taʼminlash, Oʼzbekiston aholisining yuqori daromad olish imkoniyatlarini kengaytirishdan iboratdir.
Shu maqsadda tashkilot vakillari Uyushma tomonidan taklif etilgan Fargʼona viloyatidagi kasb-hunarga oʼqitish markaziga tashrif buyurib, loyihaning qaysi bosqichlari orqali amaliy va moliyaviy koʼmak koʼrsatish boʼyicha izlanishlar olib boradi. Loyihaning yana bir muhim jihati bu sanoat va biznes hamkorligini qoʼlga qoʼygan xolda maktablar va kasb-hunar kolejlarida oʼquvchilarni kasbga yoʼnaltirish orqali kareraga erishish choralarini koʼrishdir. Bu oʼz navbatida Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga hamoxangdir.
Uchrashuvda loyiha doirasida hamkorlikni yanada kengaytirish hamda charmsanoat tarmogʼi uchun malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash sohasida ikki tomonlama aloqlarni mustahkamlash maqsadida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi hamda GIZ oʼrtasida hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib olindi.
Uzcharmsanoat