BANGLADESH BILAN KO'P QIRRALI HAMKORLIK

30.05.2023

BANGLADESH BILAN KO'P QIRRALI HAMKORLIK

“O‘zcharmsanoat” uyushmasida Bangladeshlik investorlar, yirik kompaniyalar, shuningdek, tarmoqda biznesni rivojlantirish, marketing yo`nalishlaridagi mutaxassislar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot kun tartibidagi asosiy mavzu oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini oʻrnatishdan iborat bo’ldi.

Investorlar taʼkidlaganidek, bugun Oʻzbekiston jadal rivojlanib, tashqi siyosatda ochiq va progmatik yo`lni tutgan. Iqtisodiyot, xorijiy valyuta bozorining liberallashuvi mamlakatning yangi yirik loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini dunyoga namoyish etmoqda. Bu omillar o‘zaro manfaatli savdo va sarmoyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, barcha qit’alardan ishbilarmonlarni mamlakatimizga jalb etishda yaxshi ko‘prik bo‘lib xizmat qilmoqda.

Uchrashuvda mehmonlarga sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun soliq va bojxona imtiyozlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Transport-logistika imkoniyatlari va eksport bozorlariga alohida e’tibor qaratildi. Bangladesh O‘zbekistonni MDH, shuningdek, Yevropa bozorlariga chiqish portali sifatida ko‘rmoqda. O‘zbekiston uchun Bangladesh bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi Osiyo va Okeaniya mamlakatlari bilan yangi eksport aloqalarini yo`lga qo`yish, xorijga yetkazib berish hajmini kengaytirish imkonini beradi.

Mehmonlar taʼkidlaganidek, bugungi kunda Bangladeshda ishlab chiqarilgan barcha poyabzal mahsulotlari eksport qilinadi. Shu sabab, davlat import hisobiga o`z extiyojlarini qoplaydi. Mamlakatda 170 milliondan ortiq inson boshqa mamlakatlardan olib kelingan poyabzalni sotib olishga majbur. Sanoat sohasi ham shunday ahvolda. Korxonalar ehtiyojlari uchun xomashyo va terini katta hajmda import qilishadi. O‘zaro manfaatli savdo aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston uchun tayyor va yarim tayyor mahsulotlar eksportida ulkan bozorni ochib beradi.

Hamkorlik O‘zbekistonning kadrlar salohiyatini mustahkamlashni ham nazarda tutadi. Bangladesh kompaniyalari asosan jahon brendlari bilan ishlaydi. Ishlab chiqarishga xalqaro talablar va sifat standartlarini joriy qilingan. Bu borada ular tajriba almashish uchun malakali texnolog, muhandis va konstruktorlarni O‘zbekistonga yuborilishini ma`lum qildi.

Mehmonlar mamlakatimizning qator hududlarida bo‘lib, O‘zbekiston korxonalaridagi ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulotlar sifati bilan bevosita joyida tanishish niyatida.

Tomonlar, shuningdek, ikki mamlakat sanoat korxonalari rahbarlari ishtirokida o‘zaro biznes missiyalarni tashkil etish, jumladan, korxonalarga biznes-turlar uyushtirish va investitsiya hamda eksport shartnomalarini tuzishga kelishib oldilar.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi charm-poyabzal sanoatida ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlovchi hamkorlik memorandumi imzolandi.

Uzcharmsanoat