Bugun “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi tashkil topganiga 5 yil toʼldi

03.05.2023

Bugun “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi tashkil topganiga 5 yil toʼldi

Uyushmaning tarixi 2000 yil 23 fevralda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan “Oʼzbek Charmi” АJning “Oʼzbekyengilsanoat” uyushmasi tarkibidan chiqarilib, “Oʼzbekcharmpoyabzali” uyushmasiga aylantirilganidan boshlanadi.

2018 yil 3 mayda Prezident Sh.Mirziyoev tomonidan imzolangan “Charm-poyabzal va moʼyna mahsulotlari eksport salohiyatini rivojlantirish va oshirishni yanada ragʼbatlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Qarorning eʼlon qilingani soha uchun chinakam sanoat rivojlanishining yangi tarixiga asos solgan tarixiy voqea boʼldi. Xuddi shu hujjat bilan “Oʼzbekcharmpoyabzali” uyushmasi “Oʼzcharmsanoat” uyushmasiga aylantirildi. Uning tarkibiga teri, moʼyna xomashyosi hamda junni qayta ishlash, tayyorlash, saqlash, chorva mollarini avtomatlashtirilgan holda soʼyish, qorakoʼl va sunʼiy charm, charm buyumlar, poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shugʼullanuvchi korxonalar va boshqa tashkilotlar ixtiyoriy ravishda aʼzo boʼldi.

ISHLАB CHIQАRISH

 5 yil ichida tarmoq butunlay qayta shakillantirildi. Sanoat miqyosiga chiqdi. 2017 yildan 2022 yilgacha mamlakatimizda charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish 7,5 foizga oshdi. Masalan, poyabzal sanoatini olaylik agar islohotlargacha mamlakatda yiliga atigi 10,8 million juft mahsulot ishlab chiqarilgan boʼlsa, o'tgan yil ko'rsatkichlari 160 million juftdan oshdi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bugungi kunda soha erkaklar poyabzaliga boʼlgan ehtiyojni deyarli to'liq, ayollar va bolalar poyabzaliga boʼlgan ehtiyojni esa 40-60 foizga qoplagan.

 Charm mahsulotlarini ishlab chiqarishga kelsak, oʼtgan yili qariyb 2 milliard kv.dm charm mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Holbuki, 5 yil avval bu koʼrsatkich 540 million kv.dmdan zoʼrgʼa oshgan edi. 

EKSPORT

 Oxirgi 5 yilda poyabzal va charm buyumlar kabi eksport qilinadigan tovarlar turi 18 tadan 200 taga koʼpaydi. Eksport geografiyasi ham kengaydi. Аgar ilgari charm-poyabzal mahsulotlari atigi 8 ta davlatga eksport qilingan boʼlsa, joriy yil yakuni boʼyicha 48 ta uzoq va qoʼshni davlatlarga eksport amalga oshirilgan. Eksport hajmi 6,1 barobarga oshib, 75 million dollardan 460 million dollarga yetdi.

 Eksport geografiyasining asosiy qismini 300 millionga yaqin aholiga yega MDH davlatlari egallaydi. Keyingi yillarda Germaniya, АQSh, Portugaliya, Frantsiya, Belgiya, Misr, Koreya, Yaponiya, BAA, Kamerun va Kolumbiya kabi yangi mamlakatlarga eksport ham yoʼlga qoʼyildi.

INVESTITSIYA

 Bugungi kunda mamlakatimizda 2 mingdan ortiq charm-poyabzal ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etilgan. Yildan-yilga yangi korxonalar soni ortib bormoqda. 2017-yilda sohaga kiritilgan sarmoyalar 12 million dollarni tashkil yetgan boʼlsa, 2022-yilda 296,6 million dollarga yetdi. Bu mablag'larning katta qismi, yani 92% bu - to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar va tadbirkorlarning o'z mablag'lari.

 Birgina oʼtgan yilning oʼzida poyabzal ishlab chiqarish, charmni qayta ishlash, sunʼiy charm, charm buyumlar, moʼyna va jun mahsulotlari, import oʼrnini bosuvchi va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish boʼyicha 365 loyihaning amalga oshirilishi natijasida 9 ming 631 ish oʼrni yaratildi.

 2023-yilda 243,4 mln. dollarlik 175 ta investitsiya loyihasini joriy yetish natijasida 13,5 mingta yangi ish oʼrni yaratish rejalashtirilgan.

Uzcharmsanoat