“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) “O`zbekistonda kasb-hunar ta`limi tizimida islohot va modernizatsiya jarayonini qo`llab-quvvatlash-TexVET” loyihasi rahbari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Oʼzbekistonda charm-poyabzal va moʼynachilik sohasida sifatli taʼlim dasturlarini amalga oshirish, tarmoq uchun malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, standartlashtirish va sertifikatlashtirishga oid mavzularda oʼzaro fikr almashildi.
Maʼlumot oʼrnida qayd etish kerak, GIZ 130 dan ortiq mamlakatda oʼz faoliyatini olib boradi. 1992 yildan buyon Oʼzbekiston bilan hamkorlik qilib keladi. Faoliyati davomida mamlakatimizda xususiy sektorni qoʼllab-quvvatlash, qishloq xoʼjaligi, kimyo sanoati, taʼlim va koʼplab sohalarda qoʼshma dasturlar va loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda “Oʼzcharmsanoat” uyushmasining Toshkent shahrida mahalliy va xorijiy investorlar bilan hamkorlikda moda, dizayn, texnologiya, standartlashtirish, marketing yoʼnalishlarida soha korxonalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, sohada innovatsiyalarni joriy qilish boʼyicha “Charm-poyabzal sohasida moda, dizayn va innovatsiya” o`quv markazini ochish boyicha tashqi begʼaraz koʼmak (grant) mablagʼlarini jalb qilish boʼyicha ta'kliflari va tashabbuslari GIZ tomonidan qoʼllab-quvvatlandi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan charm-poyabzal mahsulotlarining xorijiy davlatlarga eksport hajmini oshirish maqsadida standartlashtirish markazini tashkil etish masalasi ham uchrashuvda alohida muhokama qilindi. Ushbu markaz eng avvalo xalqaro sifat sertifikatlarini korxonalarga joriy qilish, xalqaro standartlarni ishlab chiqarishda qoʼllashda amaliy koʼmak koʼrsatadi. Bu oʼz navbatida xalqaro bozorda “Oʼzbeksitonda ishlab chiqarilgan” yorligʼi ostidagi mahsulotlarning nufuzini yanada oshishiga xizmat qiladi.
Muloqot so`ngida 2024 yilnining boshida Toshkent shahrida “O`zcharmsanoat” uyushmasi negizida o`quv markazini ochish bo`yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu markazda xorijiy va mahalliy mutaxassislar respublikamizning charmsanoat tarmog`idagi korxonalarda ishlayotgan hodimlarni o`qitadi va malakasini oshirish bilan shug`ullanadi.
Uzcharmsanoat