Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Eksportni ragʼbatlantirish agentligi hamda “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi oʼzaro hamkorligida Shanxay shahridagi “NECC” koʼrgazmalar markazida “Made in Uzbekistan” yorligʼi ostida charm-poyabzal mahsulotlari stendi namoyish etildi.
Mazkur stendda sohaning 10 dan ortiq mahalliy tadbirkorlik subʼektlarining yurtimizda ishlab chiqarilgan, tashqi bozorlarda haridorgir, innovatsion va raqobatbardosh boʼlgan tayyor charm va undan tayyorlangan erkaklar, ayollar, bolalar, sport, mavsumiy va maxsus poyabzallari, charm-attorlik hamda sport mahsulotlarining 50 dan ortiq turlari namoyish etildi.
Xalqaro koʼrgazma davomida charm-poyabzal va charm-attorlik sanoati rivojlangan xorijiy davlatlarning yirik kompaniyalari bilan B2B uchrashuvlar tashkil etildi. Ularda savdo-iqtisodiy aloqalarning istiqbollari, toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, sanoat va eksport salohiyatini yanada rivojlantirish yoʼnalishlari muhokama etildi. Shuningdek, mamlakatimiz charm-poyabzal va charm-attorlik korxonalarini yanada rivojlantirish va ularning eksport saloxiyatini oshirish yuzasidan muzokaralar oʼtkazildi.
Xususan, “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi delegatlari “Istiqbol Poyabzal Savdo” (AMIR), “Elit Style”, “Botir Muhammadali”, “A-Ibro Europlast”, “Clasica Shoes International” va shu kabi mahalliy korxonalarimiz koʼrgazma doirasida koʼplab xorijiy kompaniyalar bilan muzokalar olib bordi. Shu jumladan, “Shanghai Well Hope Trading Company”, “Hong Kong China International Trade Limited”, “Jinhua Cheegee Imp.&Exp. Co., LTD” va shu kabi yirik tashkilot va kompaniyalar bilan ikki tomonlama manfaatli muzokaralar olib borildi.
Jumladan, Xitoyning sport poyabzallari uchun ixtisoslashgan “Yong Feng Cross Border Footwear Industry” kompaniyasi bosh menejeri Аntoni Lui Junbin bilan sport, eva poyabzallari va uskunalari yoʼnalishida ikki tomonlama hamkorlik qilish masalalari oʼrganib chiqildi. Kompaniya vakillari eva poyabzali ishlab chiqarish uchun yuqori sifatli uskunalarni qulay narxlarda taklif qila olishini taʼkidlab oʼtdi.
Shuningdek, koʼrgazma doirasida Uyushma stendiga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlarga 2024 yilning 21-23 may va 15-17 oktyabr kunlari yurtimizda oʼtkazilishi rejalashtirilgan “UzCharmExpo-2024” charm, poyabzal, attorlik, moʼyna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlar koʼrgazma-yarmarkasiga muntazam ravishda takliflar berib borildi.
Uzcharmsanoat