“Oʼzcharmsanoat” uyushmasida Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi professor va ilmiy xodimlaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi. Muloqotda Fanlar akademiyasi hamda Uyushma oʼrtasida ishlab chiqarish va ilm-fan integratsiyasini taʼminlash, innovatsion ishlanmalarni mamlakatimiz charm-poyabzal korxonalarida tadbiq etish, yangi izlanishlarni patentlash masalasi muhokama qilib olindi.
“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi bugungi kunda nafaqat tarmoq uchun kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shugʼullanib kelmoqda, balki respublikadagi korxonalarda mamlakatimiz olimlari va tadqiqotchilari tomonidan yaratilgan ishlanmalarni xayotga joriy etishga ham alohida ahamiyat qaratgan. Shu jumladan, Fanlar akademiyasiningning Mexanika va inshootlar seysmik mustaxkamligi instituti bilan yaqin hamkorlik aloqalarni yoʼlga qoʼyilgan. Oʼtgan yilda Fanlar akademiyasining professor va ilmiy xodimlari Toshkent viloyatidagi “Angren Charm” MChJda izlanishlar olib borib, sohadagi ilmiy muammolarni xal etish boʼyicha takliflar tayyorlangan bo'lib,uchrashuvda ushbu izlanishlar yakunlari ham taqdim etildi.
Endilikda tarmoqdagi ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasida yuzaga kelayotgan masalalar nafaqat nazariy jihatdan, balki amaliyotda hal etilishi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olingan. Bugungi uchrashuv qatnashchilari, xususan, Uyushma vakillari eʼtiboriga Fanlar akademiyasi tomonidan teriga ishlov berishning koʼp funksiyali texnologiyasi taqdimoti ham namoyish etildi. Qayd etib oʼtish kerakki, mazkur uskuna bir vaqtning oʼzida terini kesish, unga ishlov berish va pardozlash amaliyotini olib borishi bilan eʼtiborga molik. Uchrashuvda ushbu texnologiyaning ishlash imkoniyatlari yanada samarali va ishonchli boʼlishini taʼminlash va uni amaliyotda qoʼllash jihatlari yuzasidan Uyushma vakillarining taklif va tavsiyalari tinglandi. Oʼz oʼrnida, uskuna boʼyicha moʼljallangan xususiyatlar va afzalliklar oʼrnatilgan tartibda tegishli sinovlardan toʼliq oʼtkazilganidan soʼng uni patentlash jarayoni boshlanishi maʼlumot sifatida taʼkidlab oʼtildi.
Ikki tomonlama mavjud aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi hamda Fanlar akademiyasi oʼrtasida kelishuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjatga muvofiq, endilikda tomonlar ilmiy jihatdan asoslangan ishlanmalarni charm-poyabzal korxonalari bazasida laboratoriyaviy tekshiruvlardan oʼtkazish, ularni korxonalar ishtirokida sinab koʼrish jarayonlarini birgalikda amalga oshirib, bunda har tomonlama muvaffaqiyatli deya topilgan ishlanmalar patentlanishi, shundan soʼng tarmoq korxonalarida qoʼllash uchun taklif etilishi oʼzaro belgilab olingan.
Uzcharmsanoat