Charm-poyabzal sanoatida 200 dan ortiq turdagi import xomashyo boʼyicha bojxona imtiyozlari uch yilga uzaytiriladi.

10.01.2023

Charm-poyabzal sanoatida 200 dan ortiq turdagi import xomashyo boʼyicha bojxona imtiyozlari uch yilga uzaytiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 10 yanvar kuni sanoatni rivojlantirish hamda qoʼshimcha zaxiralarni aniqlash masalalari boʼyicha videoselektor yigʼilishi oʼtkazildi.

Mamlakat iqtisodiyoti va aholi bandligida sanoat juda katta oʼrin tutadi. Bu sohaga zarur sharoit yaratish maqsadida soʼnggi yillarda 19 ta erkin iqtisodiy zona va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etildi, ularning infratuzilmasiga 10 trillion soʼm yoʼnaltirildi. Shuningdek, toʼqimachilik, kimyo, qurilish materiallari, charm, farmatsevtika, elektr texnikasi kabi tarmoqlarni “drayver”ga aylantirish uchun 3 milliard dollarlik moliyaviy resurslar ajratildi. Sanoatni xomashyo bilan taʼminlash uchun geologiya-qidiruv ishlari 3 barobar koʼpaytirilib, 600 tadan ziyod yangi kon aniqlandi.

Natijada oxirgi besh yilda sanoat korxonalari soni 2 barobar koʼpayib, 100 mingtaga yetdi, ishlab chiqarish hajmi 1,4 baravarga koʼpaydi.

Bu hududlar rivojiga ijobiy taʼsir qilmoqda. Jumladan, Jizzaxda ilgari boʼlmagan qurilish materiallari, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi yangi tarmoqlar paydo boʼldi. Birgina qurilish materiallari boʼyicha 220 ta loyiha ishga tushirilib, viloyat sanoatida bu sohaning ulushi 20 foizdan oshdi.

Samarqand, Sirdaryo, Namangan va boshqa hududlarda metallni qayta ishlash boʼyicha 19 ta yirik loyiha amalga oshirilgan. Namanganda tashkil etilgan 54 ta yangi kichik sanoat zonasida 2022 yilda 3 trillion soʼmlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Kimyo sanoatida oxirgi uch yilda ishlab chiqarish hajmi 1,5 baravarga, eksport esa 2 baravarga oshgan.

Shu bilan birga, ayrim hududlarda natijalar imkoniyat darajasida emas. Xususan, 2022 yilda Navoiy, Buxoro va Toshkent viloyatlarida sanoat oʼsishi koʼngildagidek boʼlmagan. Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Fargʼona va Xorazmda ip-kalavani qayta ishlash darajasi pastligicha qolgan. Namangan, Samarqand va Navoiyda oziq-ovqat, charm-poyabzal, mebel ishlab chiqarish salohiyati yetarlicha ishga solinmagan.

Shu bois yigʼilishda joriy yilda sanoatni rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni koʼpaytirish va zaxiralarni ishga solish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari sanoat uchun yangi imkoniyatlar va qoʼshimcha moliyaviy resurslar berilishini taʼkidladi.

Birinchi imkoniyat – bank normativlari qayta koʼrib chiqilib, tijorat banklarida korxonalarga kredit ajratish uchun qoʼshimcha 55 trillion soʼm resurslar taʼminlanadi. Bu – bitta tumanda oʼrtacha 20 million dollarlik investitsiyaga qoʼshimcha manba, degani.

Ikkinchi imkoniyat – 2023 yilda sanoat zonalari va yirik investitsiya loyihalari infratuzilmasi uchun 1,7 trillion soʼm yoʼnaltiriladi. Shuningdek, “Gʼijduvon” va “Qoʼqon” erkin iqtisodiy zonalari hududi kengaytiriladi. Qoraqalpogʼiston va Qashqadaryoda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining filiallari tashkil etiladi.

 Uchinchi imkoniyat – 2023 yildan boshlab, iqtisodiy rivojlanishi orqada boʼlgan toʼrtinchi va beshinchi toifadagi 60 ta tumanga 27 turdagi soliq imtiyozi, subsidiya va preferentsiyalar berilganidir.

Toʼrtinchi imkoniyat – gilamchilik, uy tekstili, charm va zargarlik tarmoqlari uchun taqdim etilayotgan yengilliklar. Unga koʼra, 2023 yilda toʼqimachilik loyihalariga qoʼshimcha 300 million dollar yoʼnaltiriladi. Charm-poyabzal sanoatida 200 dan ortiq turdagi import xomashyo boʼyicha bojxona imtiyozlari uch yilga uzaytiriladi. Zargar tadbirkorlarga xomashyoni chegirma bilan sotib olish imkoniyati hamda soliq, bojxona va bank imtiyozlari beriladi.

Prezidentimiz bu imkoniyatlarni aholi va tadbirkorlarga yetkazib, joylarda loyihalarni koʼpaytirish zarurligini taʼkidladi.

Sanoat zonalarida 1 ming 264 ta loyiha ishga tushirilishi aytildi. Shuningdek, Navoiy viloyatida 6-gidrometallurgiya zavodini hamda Olmaliqda 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish, Аndijonda zamonaviy quyuv sexini va Chirchiqda qishloq xoʼjaligi mashinasozlik klasterini toʼliq quvvatga chiqarish ham muhim vazifalardan.

Mutasaddilarga sanoat kooperatsiyasini kengaytirib, 6 milliard dollarlik mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish, hududiy investitsiya dasturlariga kiritilgan 3 mingga yaqin loyihalarni vaqtida ishga tushirish boʼyicha topshiriqlar berildi.

Umuman, barcha manbalar evaziga joriy yilda sanoatni 14 foizga oshirish imkoniyati borligi koʼrsatib oʼtildi.

Yigʼilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan sanoat tarmoqlari rahbarlari va hokimlar oʼz reja va takliflarini bildirdi.

Uzcharmsanoat