“O‘zcharmsanoat” uyushmasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish charm-poyabzal sanoatining bugungi holati va rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlandi.
Bugungi kunda Uyushma tarkibida 600 dan ortiq korxona faoliyat yuritadi, jumladan: 55 tasi charm mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonalari bo’lsa, 332 ta poyabzal ishlab chiqaruvchi korxona sanaladi. 60 ta charm-attorlik buyumlari ishlab chiqaruvchi korxona mavjud. 64 ta charm kiyim ishlab chiqarish korxonalarida zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqariladi.90 ta zamonaviy kushxona respublikamizda faoliyat olib boradi. Uyushma korxonalarining asosiy qismini kichik korxonalar tashkil etadi.
Charm-poyabzal sanoati O‘zbekistonda jadal rivojlanayotgan tarmoqlardan biridir. Agar 2017-yilda sanoat korxonalari tomonidan 18 million dollarlik 17 ta loyiha amalga oshirilib, 800 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, 2021-yilda 202 million dollarlik 112 ta loyiha va 12 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Davlat tomonidan sohaga berilayotgan e’tibor sabab 2026-yilga kelib umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq boʻlgan 555 ta loyihani amalga oshirish, buning natijasida yana 50 mingta yangi ish o’rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Dinamik o'sishni ishlab chiqarish hajmida ham o’z aksini topgan. 2017-yilda 760 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2021-yilda 4,4 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. 2026-yilda 18,6 trillion so‘mlik charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Eksport bo'yicha ham o'sish kuzatilmoqda. 2017 yilda tashqi bozorga 105 million dollarlik mahsulot yetkazib berilgan bo`lsa- 2021 yilda bu ko`rsatgich 421 million dollarga yetdi. 2026 yilda esa sanoat korxonalari 1,2 milliard dollarlik mahsulotni eksport qilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvda soha rivojining barcha jihatlari atroflicha tahlil qilindi. Xom ashyoni sifatli xarid qilish, ishlab chiqarish jarayonini optimallashtirish, klasterlar, kichik sanoat zonalarida loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan takliflar bildirildi. Shuningdek, mahsulotlar eksportini oshirish, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, O‘zbekiston korxonalarini ixtisoslashtirilgan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etishini qo’llab- quvatlash kabi yo’nalishlar atroflicha muhokama etildi. Sohadagi innovatsion loyihalarni moliyalashtirish, mamlakatimizda savdo markazlari va xorijiy davlatlarda yirik ulgurji markazlar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uzcharmsanoat