XARIDORLAR PORTFELI KENGAYMOQDA

29.12.2022

XARIDORLAR PORTFELI KENGAYMOQDA

“O‘zcharmsanoat” uyushmasida Rossiyaning taniqli bolalar kiyimlarini ishlab chiqaruvchi “Smena” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotning asosiy mavzusi hamkorlikda bolalar poyabzallarini ishlab chiqarish masalasi bo‘ldi.

85 yilldan ortiq tarixga ega kompaniya o‘z mahsulotlarini “Bolalar dunyosi” do‘konlar tarmog‘i hamda boshqa yirik savdo nuqtalariga, o‘z do‘konlari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktablarga yetkazib beradi. Shuningdek, kompaniya mahsulotlari xorijga ham eksport qilinadi. Har yili “Smena” xaridorlarga yuqori texnologiyali materiallar va tabiiy toladan tayyorlangan 300 dan ortiq turdagi yangi modellarni taqdim etadi. So‘ngi yillarda kompaniya kolleksiyalarida kunlik bolalar kiymlari ham kengaydi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, kompaniya bugungi kunda savdo tarmoqlariga bolalar poyabzalini ham yetkazib bermoqda. Bolalar poyabzallarini xarid qilish bo‘yicha “Smena” O‘zbekistonni ishonchli hamkor va eksport geografiyasining ustuvor yo‘nalishlari qatoriga kiritgan. O‘z navbatida, Uyushma rahbariyati Rossiya kompaniyasiga biznesda hamkorlarlik qilish niyatida bo‘lgan korxonalar haqida ma’lumot berdi. Xususan, uchrashuvda Namangandagi “Bezone Leather” va Andijondagi “Clasica Shoes International” o‘z mahsulotlarini taqdim etdi. Hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi.

Rossiya brendi o‘zbek ishlab chiqaruvchilaridan “White Label” tizimi bo‘yicha maktab poyabzallarining kichik partiyasini sotib olishni va Rossiya bozorlarida joylashtirishni rejalashtirmoqda. Kelgusida buyurtmalar hajmini 30-50 ming juftga yetkazish rejalashtirilgan.

 

Uzcharmsanoat