“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-maydagi “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3693-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan boʻlib “Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tarkibiga charm, moʻyna xom ashyosi va junni tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, chorva mollarini avtomatlashtirilgan holda soʻyish, jun, qorakoʻl va sunʼiy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar, shuningdek, boshqa tashkilotlar ixtiyoriy ravishda aʼzo boʻlishlari mumkin.
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi aʼzolarning erkinligi, tengligi, oʻz - oʻzini boshqarishi, qonunchilik va oshkoralik tamoyillariga asoslangan va amal qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-maydagi PQ-3693-sonli “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga hamda Uyushma ustaviga binoan faoliyat yuritadi.
Uyushmaning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari quyidagilar hisoblanadi:
Uyushma aʼzolari - tashkilotlarning xoʻjalik faoliyatiga chorva mollarini soʻyish va teri tayyorlashdan xom ashyoni chuqur qayta ishlash hamda charm-poyabzal, charm-attorlik, moʻyna, qorakoʻl va jundan ishlangan tayyor mahsulot va buyumlar ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonning barcha bosqichlarida koʻmaklashish;
korxonalarda ilgʻor texnologiyalarni, xalqaro standartlar talablariga muvofiq sifat menejmenti tizimini tatbiq etishni ragʻbatlantirish, Uyushma aʼzolari - tashkilotlarni modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlashga har tomonlama koʻmaklashish;
talabi yuqori boʻlgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish va turlarini kengaytirish, ichki bozorni mahalliy ishlab chiqarilgan import oʻrnini bosuvchi va raqobatbardosh mahsulotlar bilan toʻldirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
ichki va tarmoqlararo kooperatsiyani, jumladan, charm, moʻyna xom ashyosi va junni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, shuningdek, chorvachilik xoʻjaliklari, furnitura va butlovchi buyumlar ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida kooperatsiyani rivojlantirish;
charm-poyabzal, moʻyna, qorakoʻl mahsulotlari hamda jundan ishlangan buyumlar segmentlarida ichki va tashqi bozorlarning marketing tadqiqotlarini tizimli ravishda olib borish, tarmoqlarning eksport salohiyatini kengaytirishni qoʻllab-quvvatlash, modellashtirish va brendlash boʻyicha eng yangi innovatsion ishlanmalardan foydalangan holda xom ashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishning zamonaviy uslublarini, shuningdek, ilgʻor axborot texnologiyalari va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini keng joriy etish;
malakali kadrlar tayyorlash va tarmoqning ilmiy salohiyatini oshirish, shuningdek, ishlab chiqarishni xom ashyo va materiallarning ekologik toza turlaridan foydalangan holda tashkil etish maqsadida ishlab chiqarish, taʼlim va fanning oʻzaro integratsiyasi uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish;
Uyushma aʼzolari - tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jumladan, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan oʻzaro munosabatlarda, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlar oʻtkazish jarayonida, shuningdek, sudlarda ishlarni koʻrishda himoya qilish va boshqalar.
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi oʻzining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari orqali hududlardagi faoliyatini tashkil etadi.
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi aʼzolari quyidagi huquqlarga ega:
Uyushma faoliyati haqida maʼlumotlar olish;
Uyushmaning axborot bazasi maʼlumotlariga kirish imkoniga ega boʻlish, ilmiy-uslubiy maʼlumotlaridan foydalanish;
Uyushma faoliyati boʻyicha oʻz taklif va mulohazalarini kiritish, ularni koʻrib chiqilishida va muhokama qilinishida ishtirok etish;
Uyushma faoliyatiga tegishli barcha masalalar boʻyicha qarorlarni qabul qilishda ishtirok etish;
Uyushma faoliyati, uning reja va dasturlari haqidagi maʼlumotlarni olish;
Uyushma boshqaruv organlaridan umumiy yigʻilish qarorlari bajarilishi ahvoli va oʻz takliflari haqidagi maʼlumotlarni talab qilish;
Uyushmaning umumiy va navbatdan tashqari yigʻilishlari kun tartibiga takliflar kiritish;
Uyushmaning rahbarlik organlariga uning faoliyati bilan bogʻliq har qanday masalalar boʻyicha murojaat qilish;
Uyushmaning aniq dastur va loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etish;
Uyushma ijro organlari xizmatlaridan foydalanish;
Uyushma Ustaviga muvofiq, Uyushma boshqaruvi organlariga nomzodlarni taklif qilish va saylash;
Uyushmaning xizmatlaridan begʻaraz asosda foydalanish;
Umumiy yigʻilishlarda ovoz berish paytida teng ovoz soniga ega boʻlish;
Uyushmaga maslahat, uslubiy va boshqa yordam yuzasidan murojaat qilish;
Uyushma aʼzoligidan belgilangan tartibda chiqish.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-maydagi PQ-3693-sonli qarori bilan 2023-yil 1-yanvarga qadar muddatda:
foyda soligʻi va mol-mulk soligʻi, aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashdan ozod qilish;
belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha import qilinadigan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, respublikada ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo, materiallar va furnitura uchun bojxona toʻlovlari (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) toʻlashdan ozod etish;
yuqoridagi tasdiqlanadigan roʻyxatlarga kiritilmagan, oʻz ishlab chiqarishi uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, xom ashyo, materiallar va furnituralarni import qilishda bojxona toʻlovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) toʻlash muddatini qonunchilikda belgilangan tartibda kechiktirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi korxonalari tomonidan bojxona toʻlovlaridan ozod qilingan holda import qilinadigan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, respublikada ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo, materiallar va furnituralar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2018-yil 8-avgustdagi R-5350-son farmoyishi bilan 2023-yilning 1-yanvariga qadar respublikaga olib kirishda (import) bojxona toʻlovlari (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) toʻlashdan ozod etiladigan 227 turdagi xom ashyo va materiallar roʻyxati tasdiqlangan.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-sentyabrdagi PQ-4453-sonli qarori bilan 2023-yil 1-yanvarga qadar muddatda:
chorva mollarini soʻyish boʻyicha zamonaviy avtomatlashtirilgan majmualarni ishga tushirayotgan tashkilotlar va terini qayta ishlovchi korxonalarni yer soligʻi toʻlashdan ozod etish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-fevraldagi PQ-4982-sonli qarori bilan:
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan 2021-2022-yillarda charmdan tayyor mahsulotlar, charm-attorlik, shuningdek, moʻyna va jundan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 50 million AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyalarini ajratildi;
2023-yilning 1-yanvariga qadar qoʻshimcha tarzda 71 turdagi xom ashyo va materiallarni olib kirishda bojxona imtiyozlari va preferensiyalar qoʻllanilishi belgilangan.
2023-yilning 1-yanvariga qadar respublikaga olib kirishda (import) bojxona toʻlovlari (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) toʻlashdan ozod etiladigan qoʻshimcha 71 turdagi xom ashyo va materiallar roʻyxati tasdiqlandi.
1. Oʻzcharmsanoat” uyushmasining “Multibrand” doʻkonlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning markaziy shaharlarida aholiga qulay joylarida tashkil etiladi.
2. Shuningdek “Multibrand” doʻkonlar bozorlar va savdo markazlari hududida, aholi gavjum va aholiga qulay hududlardan ijaraga joy olish, yengil konstruksiyadan yoki mukammal qurilish orqali qurish, mavjud binoni taʼmirlash yoʻli bilan ham tashkil etilishi mumkin.
3. “Multibrand” doʻkonlarini tashkil etish “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi va “Multibrand” doʻkonini tashkil etish xoxishi boʻlgan tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida tuziladigan franshiza shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
4. “Multibrand” doʻkonlarini tashkil etish boʻyicha “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi va tadbirkor oʻrtasida franshiza shartnomasi tuzilganidan soʻng ushbu tadbirkorga “Multibrand” doʻkonida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining rasmiy savdo belgilaridan foydalanish huquqi berilganligini tasdiqlovchi namunaviy shakldagi sertifikat beriladi.
“Multibrand” doʻkonlarini tashkil etishda tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarga quyidagi talablar qoʻyiladi:
-“Multibrand” doʻkoni ustki qismi, ichki qismi va jixozlanishi zamonaviy koʻrinishga ega boʻlishi, xaridorlarga qulayliklar yaratilishi boʻyicha zamonaviy talablarga mos boʻlishi kerak;
-“Multibrand” doʻkoni tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarning oʻz mablagʻlari hisobidan quriladi;
-“Multibrand” doʻkonida (ustki yoki tepa qismida) “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining logotipi va “Uzcharmsanoat” soʻzi boʻlishi shart;
-“Multibrand” doʻkonida faqat “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining reyestriga kiritilgan mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan poyabzal, charm-attorlik, moʻyna, jun va qorakoʻldan tayyor mahsulotlar sotiladi;
-“Multibrand” doʻkonida mahsuloti sotiladigan ishlab chiqaruvchini va mahsulotlar assortimentini “Multibrand” doʻkoni yurituvchi tadbirkorlik subyektining oʻzi tanlashi yoki “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tomonidan birikritib berilishi mumkin;
-“Multibrand” doʻkonida mahsulotlarni sotish ishlab chiqaruvchi va sotuvchi oʻrtasida oʻzaro kelishuv shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
- tadbirkorga “Multibrand” doʻkonida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining rasmiy savdo belgilaridan foydalanish huquqi beriladi;
- “Multibrand” doʻkonida sotiladigan mahsulotlarning assortimenti, sifati va narxlari, kafolatlari toʻgʻrisida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi turli shakllarda doimiy reklama tadbirlarini amalga oshirib boradi.
Uzcharmsanoat