Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, gumanitar aloqalar yildan-yilga ortib bormoqda. Sanoatning charm-poyabzal va moʻynachilik tarmogʻida ham ikki davlat uchun yetarlicha imkoniyat va salohiyat mavjud. Endigi maqsad ularni ishga solishdir. Bu boradagi ishlar koʻlamini yanada kengaytirish yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-yanvar kuni charm-poyabzal sanoatidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishda muhim topshiriqlarni soha mutasaddilari oldiga qoʻygan edi. Xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, chet-el sarmoyalarini mamlakatimizga jalb qilish maqsadida davlat rahbari tomonidan joriy yilning 26-fevralida qabul qilingan “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaror bilan mamlakatimiz hududlarida maxsus charmsanoat zonalari tashkil etilmoqda. Bu oʻz navbatida xalqaro kompaniyalarni bu yoʻnalishga yanada keng jalb qilishga katta imkoniyat yaratadi. Yuqoridagi topshiriqlardan kelib chiqib, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi Hindistonga oʻz biznes missiyasini amalga oshirdi.
Nega aynan Hindiston?
Hindiston Respublikasi dunyoning eng tez rivojlanib borayotgan The BRICS nations (Brazil, Russia, India, China and South Africa) davlatlaridan biri boʻlib, bugungi kunda ushbu davlatlarning umumiy YAIM hajmi qariyb 20 trillion AQSH dollaridan ortiqni tashkil etadi. Pandemiya va boshqa koʻplab ommaviy tartibdagi muammolar yaqin 2 yil ichida mamlakat iqtisodiyotiga keskin taʼsir koʻrsatganligiga qaramasdan, boshqa koʻplab sanoat tarmoqlari qatorida charm-poyabzal sohasi Hindiston iqtisodiyotida muhim oʻrinda ekanligi namoyon boʻldi. Taʼkidlash joizki, Hindiston dunyoning 20% mol va buffalo (qoʻtos) hamda 11% echki va qoʻy hayvonlari bilan taʼminlangan. Bu jsa sohaning toʻxtovsiz rivojlanishiga oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Shu bilan birga, charm-poyabzal sanoatining barcha turlarida faoliyat olib borayotgan korxonalar eng zamonaviy texnologiyalar, asbob-uskunalar bilan jihozlangan hamda ilgʻor va malakali ishchi kuchi bilan taʼminlangan. Jumladan, sohadagi umumiy ishchi kuchi soni qariyb 4,5 mln. kishiga teng va bu miqdorning sezilarli qismini yaʼni 30%ni ayollar tashkil qiladi. Hindiston yiliga 279 mln. m² teri mahsulotini qayta ishlab chiqaradi. Mamlakat qariyb 4 mlrd. AQSH dollariga teng charm-poyabzal va charmdan tayyorlangan mahsulotlarni butun dunyoga eksport qiladi. Bu koʻrsatkich butunjahon teri ishlab chiqarish sanoatining 13 %ga teng.
Poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha esa Xitoy Xalq Respublikasidan keyin 2 oʻrinda boʻlib, Hindistonda qariyb yiliga 3 mlrd. juft mahsulot ishlab chiqariladi. Poyabzal eksporti umumiy soha eksportining 46%ini tashkil etadi. Dunyoning eng yirik charm-attorlik mahsulotlarini eksport qiluvchi 5 mamlakatdan biri ham aynan Hindistondir. Ayni koʻrsatkichlarning oʻziyoq Hindiston bilan charm-poyabzal sohasida hamkorlikni kengaytirish uchun asos boʻla oladi. “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi Hindistonga amalga oshirgan biznes-missiyasining dastlabki manzili Uttar Pradesh provinsiyasining Agra shahri. Qayd etish kerak, CLE – Teri eksporti kengashi bergan maʼlumotlarga koʻra har kuni Agra shahrining oʻzida 200 000 juft poyabzal ishlab chiqariladi. Bugungi kunda, Agrada 5000 dona poyabzal doʻkonlari mavjud. Aholining qariyb 60 foizi poyabzal savdosida, aksariyat qismi, qoʻlda tayyorlangan yozgi yengil oyoq kiyimlar savdosida oldi-sotdi bilan shugʻullanadi. Hindistonning asosiy poyabzal ishlab chiqarish markazi hisoblanadigan bu shahar, umumiy ichki talabning taxminan 65 foizini va mamlakatning umumiy poyabzal eksportining 28 foiz ulushini tashkil etadi. Agra shahrining eksport geografiyasi asosan quyidagi davlatlardan iborat: AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Rossiya, Kanada, Gollandiya, Janubiy Afrika, Ispaniya va boshqalar.
Oʻzbekiston: Muvafaqqiyat uchun yangi manzil!
Uyushma delegatsiyasi dastlab Agra poyabzal ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar palatasida Hindistonlik 10dan ortiq poyabzal va charm-attorlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini kengaytirish, mamlakatimizga Hind sarmoyalarini faol jalb etish boʻyicha muzokaralargi kirishdi. Mazkur korxonalarning yillik daromadi 10-15 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Uchrashuvda “Autsorsing” asosida mahsulot ishlab chiqarish borasida ham fikr almashildi. Shuningde, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo korxonalar va Hindistonlik kompaniyalar oʻrtasida tajriba almashish, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, texnologik jarayonlar, eng asosiysi yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi. Delegatsiya aʼzolari mazkur davlat tadbirkorlariga mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlarga yaratilgan sharoitlar, investitsiya siyosati, ishlab chiqarish salohiyati, eksport geografiyasi yuzasidan taqdimot oʻtkazdi. Muloqot chogʻida Hind korxonalari Oʻzbekistonning charm-poyabzal sohasidagi salohiyatini yuqori baholab, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasida oʻz tashabbuslarini ilgari surishdi. Hind kompaniyalar mamlakatimizning bu yoʻnalishdagi imkoniyat va salohiyati bilan yaqindan tanishar ekan, Oʻzbekistonni muvafaqqiyatli biznes uchun qulay va samarali manzil ekanligini qayd etishdi.
Tajriba almashish va hamkorlik uchun dastlabki qadam!
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi Agra shahriga amalga oshirgan biznes missiyasi davomida Hindistondagi yirik charm-poyabzal korxonalariga ham tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va kompaniyalar kapitalini Oʻzbekistonga jalb etish yuzasidan muzokaralarga kirishdi. Dastlabki manzil “DAWAR” kompaniyasi. Mazkur korxona Hindistonda charm-poyabzal ishlab chiqaruvchi klaster sanaladi. Terini qayta ishlashdan to tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab olgan kompaniyaning yillik eksport hajmi 400 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Delegatsiya aʼzolari kompaniya rahbariyati bilan uchrashuvda korxona bilan mahsulotlar ishlab chiqarishda oʻzaro tajriba almashish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va yangi korxonalarni barpo etish boʻyicha muzokara oʻtkazdi. Kompaniya rahbariyati yurtimizda ayni yoʻnalishdagi ishlar bilan yaqindan tanishib, eksport bozori kengligi va bu uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar mavjud ekanligini qayd etdi. Tashrif chogʻida poyabzallar dizaynini yaratishdan tortib, tikuv jarayonlari bilan yaqindan tanishildi. Korxona rahbariti kompaniya filialini Oʻzbekistonda ochish boʻyicha muzokaralarga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Shundan soʻng, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi Agra shahrida joylashgan “ROGER GROUP” kompaniyasiga tashrif buyurdi. Korxona asosan bolalar va ayollar poyabzallarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya rahbariyati bilan muloqotda ikki davlat oʻrtasida aynan bolalar va ayollar poyabzallarini ishlab chiqarish yoʻnalishida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi. Korxona rahbariyati mamlakatimizda charmsanoatning ayni yoʻnalishida xali ishga solinmagan imkoniyatlari mavjud ekanligini, bu borada manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish va oʻz sarmoyalarini Oʻzbekistonga olib kirish boʻyicha muloqotlarga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Hindistonning “GC” kompaniyasi bilan muloqotlarda esa ayollar poyabzallarini ishlab chiqarish va bu borada Oʻzbekiston bozori chuqur tahlil qilinganligi maʼlum qilindi. Kompaniya rahbariyati mamlakatimizda oʻz biznesini ochish maqsadida ekanligini, shu bois joriy yilning 25-27-may kunlari Toshkentda boʻlib oʻtadigan “Charmexpo-2022” 12- xalqaro qoʻrgazmasida ishtirok etib, Oʻzbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikning kelgusi istiqbollarini atroflicha muhokama qilib olishga kelishib olindi.
Maraziy va Janubiy Osiyoda sanoati yirik davlatlar ishonchli hamkorlar!
Oʻzbekiston soʻngi besh yilda dunyoga oʻzining iqtisodiy va sarmoyaviy imkoniyatlarini namoyish qilib kelmoqda. Bu esa charm-poyabzal sanoatidagi yirik lider davlat Hindiston tadbirkorlarini ham yurtimizga faol jalb etmoqda. Maqsad aniq Markaziy va Janubiy Osiyoda charm- poyabzal sanoati rivojlangan ikki davlatning bir maqsad va tashabuslar sari hamkorligiga keng yoʻl ochishdir. “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi ayni rejani samarali hayotga joriy qilish maqsadida Hind tadbirkorlariga individual yondoshib, invest loyihalar va manfaatli kelishuvlarni taklif qilmoqda. Yaqin kunlarda charm-poyabzal tarmogʻida Oʻzbekistonning ishonchi hamkorlari canalgan Italiya, Turkiya, Xitoy, Rossiya kabi yirik sheriklari qatoridan Hindiston ham joy oladi.
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi Matbuot xizmati
Узчармсаноат